“Protestant axloqi va kapitalizm ruhi”ni o’qib

Capitalism

“Mehnat qil, boylik orttir, topganingni teja, isrof qilma.” Boylikni rohat-farog‘atda yashash uchun emas, balki yanada boyish uchun orttirish, shu yo‘lda tinim bilmay mehnat qilish, Veber aytmoqchi, “kapitalistik ruh”ning asosini tashkil etadi. “Boylik boylik uchun”, degan falsafa protestantlar bir kunda yaratgan ta’limot emas, albatta. Inson Xudoning roziligini topishi, shafoatga noil bo‘lmog‘i uchun nima qilish lozim? Ana shu masala barcha dinlarda bo‘lgani kabi xristianlikda ham muhim o‘rin tutadi. Katoliklar buni oson hal qilgan: Cherkovdan tashqaridamasmisan, yetarli, shafoat topishing aniq. Cherkovning bunday qudratini tan olmaydigan protestantlarni bu javob qanoatlantirmagan. Nima qilish kerak? Bibliyani talqin qilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib beradigan “ota”lar endi yo‘q ular uchun. Har kim bu kitobdan o‘zicha ma’no chiqarishi mumkin. Diniy individualizm, ma’lum ma’noda anarxik holat. Tushkunlikka tushgan, shafoat topishiga aniq ishonchi bo‘lmagan odam nima qiladi endi? Hech qanday kafolat yo‘q.

Amallarimizni to‘g‘rilaylik, Xudo yo‘lida mehnat qilaylik, keyin bir gap bo‘lar. Mehnat qilish, boylik orttirish yaxshi. Biroq boylik insonni Xudo yo‘lidan chalg‘itadi. U kayfu safoga beriladi. Xo‘sh, buning qanday oldini olsa bo‘ladi? Tejash, isrof qilmaslik, boylikni xudo yo‘lida va boylikka boylik qo‘shish uchungina sarflash (kapital), hashamdan holi, oddiy hayot kechirish. Bizning shunday hayot kechirishimiz, qalbimizdagi iymon va narigi dunyoda shafoat topishimiz nishonasidir. E’tibor beryapsizmi, protestantlik axloqi negizida “kapitalistik ruh” shakllanyapti. Boylikka xirs doim bo‘lgan. Ammo kapitalistik ruhning boshqalardan farqi shundaki, astoydil mehnat qilasan, boyligingga boylik qo‘shasan, isrof qilmaysan, ortiqcha lazzat, hoyu-havasdan o‘zingni tiyasan. Puritancha hayot. (Islomda ham xuddi shu kabi yondashuv bor. Ayniqsa, naqshbandiya tariqatida bu juda yaxshi ishlab chiqilgan. Ne uchundir keyinchalik uning mistik jihatlariga kuchayib, amaliy tomonlari e’tibordan chetda qolgan. Bu ham jiddiyroq o‘rganilishga loyiq masala.) Bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishuvimiz bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanimizga dalolat qiladi.

Katolikcha yashash tarzi – faqat narigi dunyoni o‘ylab yashash, zohiriy asketiklik (ausserweltliche) protestantcha yashash tarzi – bu dunyoni o‘ylash orqali narigi dunyo masalasini hal qilish, botiniy asketizmga (innerweltliche) aylandi. G‘arbdagi kapitalistik dunyoqarash, individualizm shu asnoda diniy negizda dunyoga keldi.

Bu olmon sotsiologi va faylasufi Maks Veber nuqtai nazarining qisqacha ifodasi.

Mening nazarimda, puritancha axloq cheklangan, jamiyatning tor doiradagi kishilari amal qilgandagina kapitalizmga yo‘l ochadi. Nega deysizmi? Bu axloqqa jamiyatning barcha a’zolari birdek amal qildi, deb faraz qilaylik. Xo‘sh, kapitalizm rivojlanadimi? Buning uchun ushbu axloqni ikki qismga ajratamiz:

a) mehnat qil

b) tejamkor bo‘l (isrof qilma, ehtiyojingdan ortig‘iga sarflama).

Jamiyat a’zolarining barchasi shu qoidaga amal qilyapti deylik. Shu sharoitda kimdir boyib ketishi mumkinmi? Ehtiyojlari qongan, kamtar hayot kechiruvchi, tejamkor odamlar betinim mehnat qilyapti. Ular yaratgan mahsulotlarni kim xarid qiladi? Albatta o‘zlari. Extiyoji qongach, odamlar pul sarflashni to‘xtatadi/kamaytiradi. Shundan so‘ng mehnat qilishdan nima ma’ni bor? Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni hech kim olmaydi-ku! Menimcha, barchaning qattiq mehnat qilishi va ayni damda barchaning tejamkor bo‘lishi mumkin emas. Kimningdir boyishi kimningdir isrof qilishini (ehtiyojlarning tinimsiz ortib borishi, ortmasa, sun’iy tarzda orttirilishini) taqozo qiladi. Kapitalizm kamchilikning mehnat qilib tejashi, ko‘pchilikning mehnat qilib, topganini sovurishi (konsumerizm) bilan rivojlanadi.

Aftidan protestant teologlari qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqargan. Tabiiy, ular bugungi kundagi kapitalizmni orzu qilmagan. Ular kapitalist ham, iqtisodchi ham bo‘lishmagan. Shunchaki hammani Xudo yo‘lida mehnat qilishga (boylik ham o‘z-o‘zidan to‘planaveradi) chaqirgan. Biroq ular bu axloqning shaxs uchun ahamiyati haqida o‘ylab, uning jamiyat uchun yalpi oqibatini e’tibordan chetda qoldirgan. Boshqacha aytganda, qismga qo‘yilgan talab, butunda aks ta’sir bergan. Ular Xudoning g‘azabiga sabab bo‘ladi degan illat – isrof, me’yordan ortiq lazzatu farog‘atga o‘chlik, kutilmaganda, ayni shu puritancha axloqning o‘zidan o‘sib chiqdi. Unga amal qilgan ozchilik boyigandan boyidi. Hamma amal qilganda edi, tabiiy, hech kim boyimasdi. Ajabki, ozchilikning “shafoat”i ko‘pchilikning “zalolat”iga sabab bo‘ldi.

Xulosa:

  • Barcha birdek tejamkor bo‘lgan jamiyatda kapitalizm rivojlanmaydi.
  • Kimningdir ter to‘kib mehnat qilishi boshqa birining ehtiyoji o‘sishi bilan parallel ravishda kechadi.
  • Veber nazarda tutgan protestant axloqi jamiyatdagi ozchilikning axloqi bo‘lgandagina kapitalizmga turtki beradi. Aks holda, jarayon teskari tus oladi.

****

Protestant axloqi kapitalizm rivojining yagona va yetarli omili emas, albatta. Buni Veberning o‘zi ham e’tirof etgan. U moddiy ishlab chiqarishni mafkuraviy jarayonlar uchun poydevor deb biluvchi marksistik yondashuvni inkor etmasa-da, uning cheklanganligini ta’kidlaydi. Shunga qaramay, qay turdigi diniy yoki dunyoviy mafkuraning ustun kelishi o‘sha davrdagi iqtisodiy va siyosiy talab bilan bog‘liqligi, o‘sha talabning qondirilishiga xizmat qiluvchi ta’limotlargina kengroq tarqalishi va ta’siri kuchli bo‘lishi ma’lum bo‘lib qolgan.

Advertisements

One thought on ““Protestant axloqi va kapitalizm ruhi”ni o’qib

  1. Pingback: “Протестант ахлоқи ва капитализм руҳи”ни ўқиб… | ТАФСИЛОТ

Izoh qoldirish

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

w

Connecting to %s